Abstract
Mazkur maqolada Qoʻqon xonligi mahalliy boshqaruv tizimida qozilik mahkamalarining oʻrni tarixshunoslik va manbashunoslik nuqtayi nazaridan kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda mahalliy qoʻlyozma manbalar, Rossiya imperiyasi davri rasmiy hujjatlari, Turkiston general-gubernatorligi materiallari, Vostlit elektron kutubxonasida eʼlon qilingan tarixiy hujjatlar hamda zamonaviy mahalliy va xorijiy ilmiy tadqiqotlar asosida qozilik mahkamalarining davlat boshqaruvidagi huquqiy maqomi, vakolatlari va amaliy faoliyati yoritilgan. Shuningdek, Qoʻqon xonligida qozilik mahkamalarining mahalliy boshqaruv tizimidagi institutsional oʻrni, davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro munosabatlari va sud amaliyotining oʻziga xos xususiyatlari tarixshunoslikda shakllangan yondashuvlar bilan qiyosiy tahlil qilingan. Manbashunoslik tahlili natijasida mahalliy qoʻlyozmalar hamda Rossiya imperiyasi davri manbalaridagi maʼlumotlarning ilmiy ahamiyati, ishonchlilik darajasi va axborot imkoniyatlari baholandi. Tadqiqot natijalari Qoʻqon xonligi mahalliy boshqaruv tizimi va sud-huquq instituti tarixini yangi manbalar asosida qayta baholash, shuningdek, milliy davlatchilik tarixi va huquqiy merosni oʻrganishga xizmat qiladi.